O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Soliq qo‘mitasi Xitoyning Temu marketpleysi faoliyati mamlakat hududida cheklanishini e’lon qildi.
Qaror Vazirlar Mahkamasining qarori asosida qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra elektron savdo platformalari operatorlari faqat O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin.
“Bir qator xorijiy platformalar elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohalarida O‘zbekiston qonunchiligi talablarini buzmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shu sababli 20-martdan boshlab Temu platformasidan foydalanish cheklanadi. Fuqarolarga bugundan boshlab Temuga buyurtma bermaslik, allaqachon rasmiylashtirilgan buyurtmalarni esa bekor qilib, pulni qaytarishni so‘rash tavsiya etildi.
ILMA va Soliq qo‘mitasi O‘zbekiston aholisini o‘z faoliyatini respublikada mahalliylashtirmagan yoki Soliq qo‘mitasi ro‘yxatida qayd etilmagan xorijiy platformalar xizmatlaridan foydalanmaslikka chaqirdi. Shuningdek, fuqarolarga shaxsiy ma’lumotlarini bunday platformalarga bermaslik tavsiya etildi.