DXX soxta eksport orqali byudjetdan 24,5 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan amaldor va tadbirkorlarni fosh qildi

O‘zbekiston

Sudlanuvchilar o‘rindig‘ida soliq, bojxona, bank xodimlari, hokim o‘rinbosari va tadbirkorlar o‘tirgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida soliq, bojxona, bank xodimlari va hokim o‘rinbosari hamda tadbirkorlardan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

Ma’lum qilinishicha, tadbirlar natijasida 17 nafar soliq idoralari xodimlari, 1 nafar bojxona organi xodimi, 1 nafar bank xodimi, 1 nafar tuman hokimining birinchi o‘rinbosari va 18 nafar tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslaridan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etilgan.

Aniqlanishicha, ushbu guruh tomonidan 2020−2023-yillar davomida 8 ta soxta korxona tashkil qilinib, xorijga soxta eksport qilingan mebel mahsulotlari uchun qaytarilishi belgilangan 15 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) salbiy farq summasini asossiz qaytarib olish orqali, ular jami 24 mlrd 580 mln so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilishgan.

Jinoiy guruh faoliyatini soliq idoralarining sobiq xodimi muvofiqlashtirib borgan va aynan mazkur shaxs norasmiy rahbarlik qilgan korxonalar Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsada, ularning yuridik manzillari asossiz ravishda tez-tez o‘zgartirilib, ularga rasmiy rahbar sifatida ishga aloqador bo‘lmagan shaxslarning nomlari kiritilgan.

Shuningdek, korxonalarning faoliyat turi sifatida mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanish belgilangan bo‘lsada, aslida ular hech qanday ishlab chiqarishni amalga oshirishmagan. Bundan tashqari, hisobot hujjatlarida go‘yoki ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar Qirg‘izistonga eksport qilingani aks ettirilgan.

Lekin tekshiruvlar jarayonida eksport operatsiyalari amalga oshirilmagani, korxonalarning muhrlari uyushgan guruh tomonidan soxtalashtirilganligi va eksport shartnomalari shakllantirilganligi hamda davlat budjetidan yuqorida ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i pul mablag‘lari noqonuniy qaytarib olinganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179 (Soxta tadbirkorlik), 184 (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 209 (Mansab soxtakorligi) va 228-moddalari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Tergov davomida 6 mlrd 808 mln so‘m davlat hisobiga undirildi. Shuningdek, yetkazilgan zararni qoplash uchun 6 mlrd. 300 mln so‘mlik mol-mulk, jumladan 1 ta ko‘p qavatli xususiy tibbiy klinika binosi, 1 ta avtomobillar yuvish shoxobchasi, 2 ta xonadon, 6 ta avtomashina hamda telefon va kompyuter jihozlari xatlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan 38 nafar sudlanuvchilarning 14 nafariga 5 yil 6 oydan 7 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, 18 nafar shaxsga nisbatan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ularga Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo‘llagan holda 2 yil muddat ichida yetkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyati bilan 3 yil sinov muddati tayinlandi. Bundan tashqari, sudlanuvchilarning 6 nafariga nisbatan 2 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.