Toshkentda sobiq o‘quvchisiga tegajog‘lik qilgan o‘qituvchi 5 sutkaga qamalgan. Voqea haqida Sukut saqlama loyihasi xabar berdi
Hodisa 2025-yil 23-yanvarda yuz bergan. Aniqlanishicha, 30 yoshli erkak ko‘chada do‘sti bilan ketayotgan sobiq o‘quvchisini ko‘rib qolgan
U ko‘rganidan g‘azablanib, voyaga yetmagan qizning yo‘lini to‘sgan, uni haqorat qila boshlagan, telefonini tortib olib, uloqtirgan, so‘ngra majburan mashinasiga o‘tqazgan. U o‘z harakatlarini sobiq o‘quvchisiga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usi bilan izohlagan, unga uylanmoqchi bo‘lgani va hatto uning uyiga sovchilar yuborganini aytgan
Ish ko‘rib chiqilayotgan paytda qiz voyaga yetmagan bo‘lib, uning manfaatlarini sudda onasi himoya qilgan. Sudda ayol ayblanuvchi uning qiziga bir necha bor tegajog‘lik qilganini ma’lum qilgan
Sud erkakning harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasida (Shahvoniy shilqimlik qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni aniqlamagan. Uning qilmishi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 61-2-moddasi 1-qismi Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) va 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan malakalashtirgan
5-mart kuni Yunusobod tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi fuqaroni tegishli moddalar bo‘yicha aybdor deb topib, besh sutkaga qamoq jazosiga hukm qilgan. Sud majlisi o‘tkazilayotgan paytda erkak Toshkent shahridagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan edi