Toshkent har yili 10 milliard dollarlik sarmoya jalb etadi. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umurzoqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga aytib o‘tdi.
2025-yilda jalb etiladigan sarmoyalarning umumiy hajmi 6,8 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Shundan birinchi yarim yillikda 2,9 milliard dollar, ikkinchi yarim yillikda esa 3,9 milliard dollar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2025-yilda poytaxtda 2,5 milliard dollarlik 582 ta loyihani ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Bu esa 27,5 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Bunda loyihalarning asosiy qismi, ya’ni umumiy qiymati 2,1 milliard dollarlik 488 ta loyiha xizmatlar sohasiga, qolgan 428 million dollarlik 97 ta loyiha esa sanoat tarmog‘iga yo‘naltiriladi.
Prezident Toshkent shahrida qurilish, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish rejalarini o‘rganib chiqdi hamda ularni ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni ko‘rib chiqdi. Xususan, Toshkent shahar hokimi “sanoatdagi ikkita muammo” haqida ma’lumot berdi. Davlatimiz rahbari ushbu masalalarni hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Poytaxt hokimi tizimli yondashuvni qo‘llash orqali Toshkentga 10 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb qilish jarayoni osonlashishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, 2025-yilda Toshkent eksporti hajmini 4,8 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.