AQSH prezidenti Donald Tramp raqamli aktivlarni saqlaydigan Strategic Bitcoin Reserve milliy bitkoin zaxirasini yaratish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Jinoiy va fuqarolik ishlari doirasida musodara qilingan bitkoinlar endi sotilmaydi. Endi ular jamg‘ariladi va oltinga o‘xshab AQShning strategik zaxira aktivi sifatida ko‘rib chiqiladi. Zaxira federal agentliklar balansidagi 200 ming BTC bilan to‘ldiriladi. Ularning qiymati 17,5 mlrd dollarga baholanmoqda.
Shu bilan birga, davlat bitkoinni byudjet mablag‘lariga sotib olmaydi, biroq Moliya vazirligi va Savdo vazirligiga uni jamg‘arishning zararsiz strategiyalarini ishlab chiqish topshirildi. Qolgan raqamli aktivlar, jumladan Ethereum, Solana va XRP alohida fondga o‘tkaziladi, ammo davlat tomonidan sotib olinmaydi.
Farmon e’lon qilingandan so‘ng, bitkoin kursi 5 foizga - 90 ming dollardan 85 ming dollargacha tushdi, ammo keyin qisman tiklandi. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu investorlarning noaniq munosabati tufayli sodir bo‘lgan. Bir tomondan, Tramp bitkoinning strategik qiymatini tan oldi, boshqa tomondan esa uni davlat sotib olishi mumkinligini istisno qildi.