Ijtimoiy tarmoqlarda chet ellik, jumladan, xitoylik fuqarolarga yerlarning ommaviy ravishda sotilgani yoki topshirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Kadastr agentligi ushbu ma’lumotga munosabat bildirdi
Idora aniqlik kiritishicha, bunday xabarlarni tarqatayotgan kishilar yer uchastkalarini chet el fuqarolariga berish bo‘yicha qonuniy tartib-qoidalardan bexabar
Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) shartlari O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksida belgilangan. 17-moddaga ko‘ra, chet el fuqarolari va yuridik shaxslar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar yer uchastkalariga faqat ijara huquqi asosida egalik qilishlari mumkin
24-moddaga muvofiq, yer uchastkalari chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berilishi mumkin
Shuningdek, agentlik yer ijaraga olinib, keyinchalik xususiylashtirilgan bo‘lsa, xavotirlanishga o‘rin yo‘qligini ma’lum qildi
"Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi Qonunga binoan, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslari, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, shuningdek davlat organlari, muassasalari, korxonalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xususiylashtirish subyektlari hisoblanmaydi. Bu esa yerni chet elliklar xususiylashtirolmasligini anglatadi
Shu bilan birga, idora qishloq xo‘jaligi yerlariga kelsak, hatto O‘zbekiston fuqarolari ham ularni xususiylashtirolmasligini ta’kidladi
Shunday qilib, mamlakatimiz yerlari chet elliklarga berilmoqda, degan da’volar asossiz bo‘lib, ma’lumotlar tekshirilmasdan tarqatilmoqda. Fuqarolarni provokatsiyalarga uchmaslikka, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini esa yolg‘on va asossiz xabarlarni tarqatishdan tiyilishga chaqiramiz. Zero, bunday mas’uliyatsiz bayonotlar aholining noroziligiga, qonunlarga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishiga va hatto mamlakatdagi investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deya ta’kidladi idora.