Ozoda Nursaidovaning klipida suratga tushayotgan model Sabrina Jabborova og‘ir jarohat oldi

O‘zbekiston

Hozirda dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, hujjatlar belgilangan tartibda sudga yuborilmoqda.

Toshkentda xonanda Ozoda Nursaidovaning klipini suratga olish jarayonida model Sabrina Jabborova avtomobil urib yuborishi oqibatida jiddiy jarohat oldi. Bu haqda uning Instagram’dagi sahifasida e’lon qilingan postda so‘z boradi.

Unga ko‘ra, voqea 2024-yilning 7-noyabr kuni Ozoda Nursaidovaning “Dilbarim” klipini olish jarayonida Mercedes G-Class (“Gelendvagen”) mashinasi rulidagi voyaga yetmagan 17 yoshli aktrisa S.M. boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida sodir bo‘lgan.

Jabrlanuvchi tomonning ta’kidlashicha, aktrisa operator va rejissyor Shuhrat Mavlonovning ko‘rsatmasiga binoan, gaz pedalini bosgan, biroq o‘sha paytda mashina boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda avtomobil Sabrina Jabborovani ikki marta urib yuborgan.

“Oldingi g‘ildirak butunlay uning ustidan o‘tgan, orqa g‘ildiragi esa qizning ustida aylanib o‘tgan. Voqea oqibatida Sabrinaning tos suyagi singan, singan suyaklar bachadon va siydik pufagiga zarar yetkazgan”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Sabrina Jabborovaga bir soat ichida birinchi yordam ko‘rsatilmagan, oqibatda u 3 litr qon yo‘qotgan. Keyinchalik u 4-sonli shahar kasalxonasiga olib borilgan, u yerda shifokorlar tomonidan to‘qqiz soat davomida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

“Ammo chanoq-son bo‘g‘imida xatolik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan, natijada chap oyog‘i o‘ng oyog‘idan 7 sm uzunroq bo‘lib qolgan, Sabrina esa nogiron bo‘lib qolgan”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq jabrlanuvchi shifokorlar uning hayotini saqlab qolish maqsadida shoshilinch operatsiya paytida qon ketishini to‘xtatish uchun tos suyagini noto‘g‘ri mahkamlaganini ma’lum qilgan edi.

“Ular bu haqda menga darhol aytishmadi, faqat uch oydan keyin ahvolimni ma’lum qilishdi. Shu vaqt ichida suyaklarim noto‘g‘ri bitdi va endi chap oyog‘im 7 sm uzunroq. Buni to‘g‘rilash uchun yana tos suyagimni sindirib, qaytadan mahkamlab qo‘yishadi. Shifokorlarning aytishicha, bunday operatsiya 0,5−1 foiz hollarda uchraydi. Ko‘pincha bunday baxtsiz hodisalarda odamlar halok bo‘ladi, lekin men tirik qoldim”, — dedi u o‘tgan hafta.

Nashrning ta’kidlashicha, voyaga yetmagan aktrisani suratga olish maydonchasiga rejissyor va prodyuser Ahad Qayum taklif qilgan, u aktrisaning haydovchilik qobiliyatini tasdiqlab, avtomobilni boshqarishga ruxsat bergan.

“Tasvirga olish tashkilotchilari va boshqa aybdorlar jabrlanuvchiga tegishli yordam ko‘rsatmagan. To‘rt oy davomida ular faqat 500 AQSh dollaridan to‘lashdi, buni suratga olishning texnik qoidalarini buzganlik uchun jarima deb hisoblashdi. Jabrlanuvchining onasi Sabrinani oyoqqa turg‘izish uchun yordam so‘raganida, u faqat quruq va’dalar va tahdidlar eshitdi. Unga voqea materiallari internetda tarqatilsa, jabrlanuvchiga yordam berish butunlay to‘xtatilishi aytilgan”, — deyiladi xabarda.

Ish sudga oshirildi, ammo sud jarayoni hali boshlanmagan. Tergovchi jabrlanuvchi tomon sud muhokamasi boshlangunga qadar ularni tarqatmasligi uchun ish materiallarini taqdim etmagan, deyiladi arizada.

Sabrina Jabborova chet elda qayta operatsiya qilinishi kerak, ammo davolanish uchun mablag‘ masalasi ochiq qolmoqda. Faollar yordam yig‘ish uchun alohida sahifa ochdi.

Ozoda Nursaidovaning menejeri Dilmurod Sattorovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, uning jamoasi “Dilbarim” klipini suratga olish jarayonida ishtirok etmagan.

“Biz rejissyor va uning jamoasidan klip suratga olishni buyurtma qildik. Voqeadan xabar topgach, Ozoda bilan birga darhol maydonga yetib bordik. Voqea joyida tez yordam shifokorlari yordam ko‘rsatayotgan ekan. Keyinroq „Tez yordam“ mashinasi keldi, men u bilan birga shifoxonaga bordim. U 3−4 soat davomida tekshirildi va operatsiya qilindi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu kuni Toshkent shahri IIBB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Ozoda opa „Yosh qiz shunday holatga tushib qoldi“, deya yig‘ladi va insoniylik jihatdan uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga harakat qildi. Bu voqeaga uch oy bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha kundan beri unga har oyda xarajatlari: dori darmon, pampersi va boshqalar uchun 500 dollar pul va uy ijarasi uchun alohida pul berdik. Bir xonali ijara uyining barcha jihozlarini yangilab berdik. Xarajatlar Ozoda opa tomonidan qoplandi”, — deydi u.

Sattorovning aytishicha, klip ustida ishlagan ijodiy guruh ham uning holidan doimo xabar olib turgan.

“Shifokorlar qizga uch oy davomida bir joyda yotib, davolanishni tavsiya qilgan. Biroq oradan uch oy o‘tar-o‘tmas u yana bir loyihaning suratga olish jarayonida ishtirok etdi. Eshitishimcha, u suratga olish paytida yiqilib tushgan. Shifokorlar operatsiyani Hindistonda yoki Sankt-Peterburgda o‘tkazish kerakligini aytgan. Keyinchalik onasi bu borada bizga qo‘ng‘iroq qildi. Hozirda tergov harakatlari ketayotgani, sud qarori chiqqandan keyingina yakuniy qaror qabul qilish mumkinligi, kim aybdorligini aynan sud belgilashini tushuntirdik”, — deydi u.

Sattorovning aytishicha, jabrlanuvchi qizning atrofidagilar unga yangi uy sotib olishni muhokama qilishgan, biroq Ozoda Nursaidova bunga rozi bo‘lmagan.

“Uning atrofidagilar yangi kvartira sotib olishni muhokama qilishdi va hatto menga Telegram’da e’lonlar yuborishdi. Ammo biz rad etdik, chunki yakuniy qarorni sud qabul qilishi kerak. Kim aybdorligini qonun belgilaydi”, — deya ta’kidladi u.

Xonandaning menejeri ba’zi OAV va blogerlar vaziyatni bir tomonlama yoritib, ikkinchi tomonni eshitmayotganini ta’kidladi.

“Biz uch oy davomida qizga yordam berganimizni va tergov davom etayotganini hamma bilishi kerak. Sud hali hukm chiqargani yo‘q, lekin Ozoda Nursaidova nohaq ayblanyapti”, — dedi Sattorov.

Toshkent shahar IIBB mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.Hozirda dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, belgilangan tartibda sudga yuborilmoqda.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.