Polshada Qozog‘istonda uyushgan jinoyatchi guruh tarkibida 56 ta inson buyragini sotgani uchun 12 yilga hukm qilingan ukrainalik ayol qo‘lga olindi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
35 yoshli K.P. Ukraina bilan chegaradagi temir yo‘l o‘tish punktida polshalik chegarachilar tomonidan ushlab olingan. U 2020-yildan beri Interpol tomonidan qidiruvda bo‘lgan. Nashr ayolning qo‘lga olingan paytda nima uchun Qozog‘istondagi qamoqxonada bo‘lmaganini aniqlashtirmagan.
K.P. 2017-2019 yillarda odamlarning to‘qima va organlarini noqonuniy ravishda olib, ularni qora bozorda sotgan xalqaro uyushgan jinoyatchi guruh a’zosi bo‘lgan. Qozog‘iston, Armaniston, Ozarbayjon, Ukraina, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Tailanddagi odamlar bu guruh qurboniga aylangan.
Polsha prokuraturasi mahbusni bir hafta muddatga qamoqqa olishni so‘rab sudga murojaat qildi. Keyinchalik u Qozog‘istonga ekstraditsiya qilinadi.