Toshkentda huquq-tartibot idoralari xodimlari tilanchilik bilan shug‘ullangan bolali ayolni ushladi

O‘zbekiston

Bolalar reabilitatsiya markaziga joylashtirildi, ayolga nisbatan bayonnoma tuzildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda patrul-post xizmati xodimlari ayol va uning o‘smir qizini kuch ishlatib, Mirobod tumani ichki ishlar bo‘limiga olib kirishga urinayotgani aks etgan video tarqaldi. IIBB voqeaga izoh berdi.

Voqea 11 mart kuni taxminan soat 21:30 da Mirobod tumani hududida sodir bo‘ldi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari bir necha modda bo‘yicha ko‘p marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan 36 yoshli ayolni ko‘rib qolgan.

Ayol o‘zining uch nafar voyaga yetmagan farzandini tilanchilikka majburlagan, shu bilan birga ularga sog‘lom hayot va ta’lim olish uchun normal sharoitlar yaratmagan. PPX xodimlari huquqbuzarlikni to‘xtatishga urinib, ayolni yaqin oradagi ichki ishlar bo‘limiga taklif qilishdi. Biroq fuqaro ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini ataylab mensimay, jamoat tartibini buzdi.

Shu sababli unga nisbatan MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 188-3-moddasi (Tilanchilik qilish) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimi qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Uch nafar voyaga yetmagan bolaning huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida ularni Toshkent shahar IIBB huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan tashqari, videotasvirga olingan xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.