Shavkat Mirziyoyev 14-mart kuni Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Rossiya prezidentining 2024-yil may oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuv va bitimlarning amalga oshirilishini nazorat qilish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo komissiyaning ikkinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni mamlakatlarimiz hududlarini keng jalb etgan holda O‘zbekistonda o‘tkazish muhimligini qo‘llab-quvvatladi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor loyihalarini, mehnat migratsiyasi va madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi qo‘shma dasturlarni qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirishda parlamentlar faol ishtirok etishi zarurligi qayd etildi.