2030-yilga borib markaziy isitish tizimi bo‘lmagan xonadonlarda gaz iste’moli 20 foizga qisqartiriladi. Bu haqda prezidentning "Issiqlik ta’minoti" davlat kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarorida so‘z boradi.
Hujjat bilan kelgusi besh yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlar tasdiqlandi. Issiqlik ta’minoti sohasida yagona davlat siyosati yuritiladi, mutasaddi idoralar ilg‘or xorijiy tajriba asosida strategik takliflar ishlab chiqadi, issiqlik ta’minoti korxonalari faoliyatini boshqaruvchi va muvofiqlashtiruvchi tashkilot tashkil etiladi.
Shu bilan birga, markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanmagan to‘rt qavatli va undan ortiq ko‘p kvartirali uylarni isitish tizimida lokal qozonxonalar qurish va boshqa muqobil texnologiyalarni joriy etish hisobiga bitta xonadonda gaz sarfi kamida 20 foizga qisqartiriladi.
2030-yilgacha 103 ta eskirgan qozonxona va markazlashgan issiqlik tizimlaridagi 1,6 ming kilometr issiqlik tarmoqlarini yangilash rejalashtirilgan. Shuningdek, 9 ta shahar va tumanda davlat-xususiy sheriklik asosida, 13 ta shahar va tumanda xalqaro moliya institutlari ishtirokida modernizatsiya loyihalari amalga oshiriladi. O‘zbekistonda markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovi bu orqali 37 foizdan 58 foizga oshishi, tizimdagi yo‘qotishlar 38 foizdan 20 foizga qisqarishi kutilmoqda.
1-iyundan boshlab qurilishga texnik shartlar olinishi talab etiladigan bino va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va muqobil isitish tizimlari uchun uskunalarni, shuningdek, binolarning o‘z ehtiyojlari uchun energiya tejovchi uskunalarni majburiy o‘rnatish to‘g‘risidagi talab loyiha hujjatlariga kiritiladi.
Shuningdek, quyidagi majburiy talablar paydo bo‘ladi:
ko‘p kvartirali uylar va binolarda ichki isitish va issiq suv ta’minoti tizimlarini qurish, inshootlar va tarmoqlarda hisoblagichlarni to‘liq o‘rnatish;
markazlashtirilgan issiqlik ta’minotiga ega bo‘lgan tumanlarda yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uylar, ma’muriy binolar, ijtimoiy soha muassasalari, sanoat va tadbirkorlik subyektlarining bino va inshootlarini issiqlik tarmoqlariga ulash.
Qurilish vazirligi va Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga issiqlik ta’minoti sohasida yagona davlat siyosatini yuritish yuklanadi.