Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni AQSH Kongressi aʼzosi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus ishtirokchisi Kerol Miller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yana-da rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida parlament aʼzosi davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti, Kongress rahbariyati va O‘zbekiston bo‘yicha kokus aʼzolarining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Faol siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi bir necha barobar ortdi, biznes kooperatsiyasi kuchaymoqda.
Toshkentda Vebster universiteti va Amerika texnologiya universiteti faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, transport, bojxona, migratsiya, madaniyat va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Kerol Miller Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasi, jumladan, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, demokratik institutlarni, eng avvalo, parlamentni mustahkamlash, gender tenglikni taʼminlash borasidagi ishlar natijalarini yuksak baholadi.
Iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni, shu jumladan qazib chiqarish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston hududlarining Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Mintaqaviy kun tartibi va Afg‘onistondagi vaziyatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.