O‘zbekistonda majburiy ovozga ega loyihalar “Tashabbusli byudjet” ovoz berishidan chiqariladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
11-20 mart kunlari O‘zbekistonda “Tashabbusli byudjet”ning birinchi mavsumi doirasida loyihalar bo‘yicha ovoz berish bosqichi bo‘lib o‘tadi. Ovoz yig‘ishga majburlaganlik uchun javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilganiga qaramay, bunday holatlar uchrab turibdi.
Xususan, Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 37-maktab xodimlari muayyan loyihalar uchun ovoz berishga majburlangan. Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan xalq deputatlari tuman Kengashiga majburiy ovoz yig‘ilgan loyihalarni ovoz berish bosqichidan chiqarish talabi bilan taqdimnoma kiritildi.
Majburiy ovoz yig‘ish holatlariga duch kelgan fuqarolar 71 200-06-00 telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkin.