Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy taraqqiyot masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabartini qabul qildi

O‘zbekiston

Tomonlar maslahatchining 2025-yildagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabartini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tomonlar maslahatchining joriy yildagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar. Mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyatini xalqaro maydonda yanada ilgari surish, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, davlat xizmatchilarining yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bo‘lajak O‘zbekiston investitsiya salohiyati roud-shousini, Toshkent xalqaro investitsiya forumini yetakchi xorijiy kompaniyalar va moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda yuqori saviyada o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi huzurida Toshkent xalqaro tijorat sudini ishga tushirishning amaliy jihatlari, mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash, mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish sohasida fundamental tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.