Toshkentda Jahon turizm tashkiloti delegatsiyasining sohaga qiziquvchi talaba-yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston

Tadbir tashkilotchisi Ziyo Forum jamg‘armasi ta’lim va innovatsiyalar sohasida yirik loyihalarni amalga oshirishni davom ettirishini ma’lum qildi.

2025-yil 19-mart kuni Ziyo Forum fondi tashabbusi bilan Jahon turizm tashkiloti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar sohaning istiqbollari va hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

Tadbirda Turizm qo‘mitasi, Mehmonxonalar uyushmasi vakillari, Toshkent shahridagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari, talabalar va sohaga qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan mehmonlar orasida Jahon turizm tashkiloti Bosh kotibining ta’lim masalalari bo‘yicha maslahatchisi Manana Ugulava va Hilton Garden Inn Riverview mehmonxonasi bosh menejeri, mehmonxona biznesida 15 yildan ortiq xalqaro tajribaga ega mutaxassis Karoy Lakatos alohida e’tiborni tortdi.

Turizm, ta’lim va mehmonxona biznesini rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Ular o‘z chiqishlarida xalqaro turizm standartlarini shakllantirish, o‘quv jarayoniga mehmonxona menejmentining ilg‘or tajribasini joriy etish, shuningdek, turizm sohasida muvaffaqiyatga erishish yo‘llari haqida so‘zlab berdilar.

Mutaxassislar savollarga javob berib, mehmonxona menejmenti va turizmni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari bo‘yicha tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdilar. Uchrashuv ushbu sohalarga qiziquvchi yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lib, ularning qiziqishini yanada oshirdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar xorijiy delegatsiyaga minnatdorlik bildirib, bu kabi uchrashuvlarni kelgusida ham davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Ziyo Forum fondi ta’lim va innovatsiyalar sohasida yirik loyihalarni amalga oshirishni davom ettirishini ma’lum qildi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.