20-mart kuni Markaziy bank boshqaruvi yigʻilishida yuqori inflyatsion bosim saqlanib qolayotgani, talabning barqaror oʻsishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi fonida pul-kredit sharoitlarini qatʼiylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonda asosiy stavka 0,5 foizga koʻtarilib, 14 foizni tashkil etadigan boʻldi.
Qaror “yaqin oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olgan holda” inflyatsion kutilmalarni jilovlash va oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli koʻrsatkichiga erishish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
2025-yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz oʻsish kuzatilib, fevral oyi holatiga koʻra yillik 10,1 foizni tashkil etdi. Bunday dinamika ayrim tovarlar va xizmatlar narxlarining oshishi bilan bogʻliq. Xususan, yoqilgʻi narxlari, kommunal, transport, taʼlim va tibbiy xizmatlar tariflarining oshishi ham inflyatsion kutilmalarga kuchayib boruvchi taʼsir koʻrsatdi: fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizni, tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa 13,8 foizni tashkil etdi, — deya taʼkidladi Markaziy bank.
Soʻnggi oylarda xizmatlar sohasidagi inflyatsiyaning yuqori darajasi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul oʻtkazmalari va aholiga berilgan kreditlar faolligining oshishi bilan izohlanmoqda. Bu, oʻz navbatida, chakana savdo va pullik xizmatlardan olingan daromadlar dinamikasida oʻz aksini topmoqda.
2025-yil boshidan buyon real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini koʻrsatib, oʻrta muddatli tendensiyaga yaqinlashmoqda, bu asosiy savdo hamkorlari valyutalarining mustahkamlanishi bilan bogʻliq.
Iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarni optimallashtirish, yalpi talab va taklifning mutanosibligini taʼminlash pul-kredit sharoitlari darajasini oshirishni taqozo etmoqda. Markaziy bank Boshqaruvi oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani yillik 14 foizgacha 0,5 foiz bandga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Regulator, pul-kredit sharoitlarining qatʼiylashtirilishi yalpi talabning muvozanatli shakllanishiga va kelgusi choraklarda narxlar oʻsishi omillari taʼsirining pasayishi hisobiga inflyatsion jarayonlarning biroz sekinlashishiga xizmat qilishini taʼkidladi. Bu esa yil yakuni boʻyicha umumiy inflyatsiyani 7-8 foizgacha pasaytirishga zamin yaratadi.
Markaziy bank Kengashining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 24-aprelga rejalashtirilgan.