20-mart kuni davlat rahbari davlat idoralari va jamoatchilik vakillari bilan birgalikda Toshkent shahridagi yangi bogʻda daraxt ekish tadbirida qatnashdi.
Ilgari Iykoʻta, Majnuntol, Zilola, Rohat va Iqbol mahallalari oraligʻidagi hudud obodonlashtirilmagan edi. Endi esa, aholining hamjihatlikdagi saʼy-harakatlari tufayli bu yerda yangi bogʻ bunyod etilmoqda. Uch gektar maydonda oʻrmonlarni koʻkalamzorlashtirish gʻoyasi asosida 3 ming tup daraxt va buta koʻchatlari oʻtqazildi. Ularni sugʻorish va parvarishlash uchun tegishli xizmatlar masʼul etib belgilandi.
Tadbir davomida mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy suhbat oʻtkazildi. Prezident ushbu ezgu loyihaga hissa qoʻshgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildirdi va yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan Navroʻz bayrami bilan tabrikladi.
Prezident tashabbusi bilan eʼlon qilingan obodonlashtirish oyligi doirasida mahallalarda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari jadal surʼatda olib borilmoqda.
Bu yil bahorda 125 million tup daraxt ekish rejalashtirilgan. Bunda ekish joylarini toʻgʻri tanlash va sugʻorish tizimlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yangi bogʻda ekilgan daraxtlar ushbu keng koʻlamli tashabbusning davomi boʻladi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yili Davlat dasturiga muvofiq, joriy yilda koʻchatchilikka ixtisoslashgan 18 ta oʻrmon xoʻjaligi tashkil etiladi. Ularda “ilm — loyiha — amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytiriladi va plantatsiyalar kengaytiriladi. Shuningdek, koʻchatlarni onlayn xarid qilish imkonini beruvchi “Yashil olam” platformasi ishga tushiriladi.