Toshkentda yana bir metro tarmogʻi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oʻzbekiston rahbari jamoat transportini rivojlantirish, jumladan metropoliten tarmogʻini kengaytirish loyihalarini koʻrib chiqdi. Maʼlumki, ilgari Toshkent metrosini Toshkent traktor zavodigacha davom ettirish rejalashtirilgan edi. Davlat rahbari avval taqdim etilgan loyihalarni qayta koʻrib chiqish va muqobil variantlarni taklif etishni topshirdi.
Yangi loyihaga koʻra, “Pushkin” yoki “Buyuk Ipak Yoʻli” bekatidan TTZgacha 10 ta bekat quriladi. Bu yoʻnalish 30 ta mahallani qamrab olib, 148 ming aholi uchun qulay transport aloqasini taʼminlaydi.
Bektemir tumanida Chirchiq daryosi boʻyida koʻp qavatli uylar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari qurilishi moʻljallangan. Bu tuman urbanizatsiyasini tezlashtirish va yangi shahar markazini yaratish imkonini beradi.