Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqini Navroʻz bayrami bilan tabrikladi

O‘zbekiston

Davlat rahbari “bizning kuchimiz — birlik va ahillikda, qudratimiz — Vatanga mehr va sadoqatda, yutugʻimiz — oʻzimizga boʻlgan yuksak ishonchimizda!” deb taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. U Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi tantanada nutq so‘zladi.

“Navro‘z azaldan xalqimizning milliy va umumbashariy qadriyatlarga, dunyoviy davlat tamoyillariga, bag‘rikenglik, chin do‘stlik va hamkorlik g‘oyalariga sodiqligining yaqqol ramzidir”, — deya qayd etdi davlat rahbari.

“Ayniqsa, insonning tabiat va borliq bilan uyg‘unligi, yaratuvchanlik ishtiyoqi, g‘ayrat va shijoati, o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat va saxovat kabi olijanob fazilatlari Navro‘z timsolida yanada yorqin namoyon bo‘ladi”, — dedi u.

Prezident “xalqimiz asrlar davomida og‘ir va mashaqqatli, sinovli paytlarda ham bu bayramni olijanob tabiati va qadriyatlari bilan asrab-avaylab kelganini chinakam mo‘’jiza” deb ta’rifladi.

“Navro‘zning betakror go‘zalligi, insonparvarlik ruhi va teran falsafasi globallashuv davrida ham butun bashariyatni hayratga solayotgani uning azaliy mohiyati va hayotbaxsh kuchidan dalolat beradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U dehqon va fermerlar, bog‘bon va chorvadorlarga alohida ehtirom izhor etdi.

Prezident mamlakatda inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholi daromadlari va turmush darajasini yuksaltirish yo‘lida qat’iy qadamlar qo‘yilayotganini ta’kidladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “mamlakatda yangi ekologik muhit yaratilmoqda”:

“Har yili millionlab ko‘chatlar ekish, yashil bog‘lar barpo etish, hayvonot dunyosini asrab-avaylash, har bir qarich yerdan unumli foydalanish kabi yuksak ekologik madaniy qadriyatlar kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanmoqda”.

Shavkat Mirziyoyev yoshlarga murojaat qilar ekan, ularning yutuqlarini qayd etib, “sizlar Vatanimiz osmonida yorqin yulduzlar bo‘lib porlaydigan vaqt keldi” dedi.

“Yurtimizdagi beqiyos imkoniyatlarni amaliy natijalarga aylantirish uchun tinimsiz harakat qiling!” — deya qayd etdi u.

Davlat rahbari “ko‘p ming yillik an’analar va zamonaviy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan mahalla tizimining hayotimizdagi o‘rni va ta’siri” tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda mamlakat bo‘yicha 9 ming 500 ga yaqin mahallalarning o‘zida ko‘plab masalalar hal etilmoqda, dedi u.

Prezident bu yil mahalla raislari saylovi bo‘lishini eslatib, “xalqimiz ushbu mas’uliyatli jarayonda fidoyi va vatanparvar yurtdoshlarimiz uchun ovoz beradi”, deb ishonch bildirdi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.