Turkiyadagi oʻzbekistonliklarni namoyishlar fonida hushyor boʻlishga chaqirildi

Dunyo

Namoyishlar Istanbul meri hibsga olinganidan soʻng sodir boʻlmoqda.

Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Istanbul meri hibsga olinganidan keyin yuz bergan norozilik namoyishlari munosabati bilan ehtiyotkor boʻlishga daʼvat etdi.

Istanbuldagi norozilik namoyishlari sababli fuqarolar sergak boʻlishga va ommaviy yigʻilishlarda ishtirok etmaslikka chaqirildi. Shuningdek, gavjum joylardan uzoqroq yurish va ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarga tanqidiy yondashish tavsiya etiladi.

Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida fuqarolarga rasmiy xabarlarni kuzatib borish va zarurat tugʻilganda konsullik bilan +90 (553) 541 17 17 raqami orqali bogʻlanish maslahat beriladi.

19-mart kuni Turkiya politsiyasi Istanbul meri, muxolifatdagi Xalq respublikachi partiyasi aʼzosi Ekrem Imamogʻluni hibsga oldi. U bilan birga uning matbuot kotibi va shahar maʼmuriyatining 100 ga yaqin xodimi ham qoʻlga olindi.

Imamogʻlu hibsga olinganidan soʻng Turkiyada norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Istanbul viloyati hokimi keyingi toʻrt kun davomida namoyishlar oʻtkazishni taqiqlagani va xavfsizlik choralari kuchaytirilganiga qaramay, ommaviy namoyishlar toʻxtamadi. Yevropa mamlakatlari Istanbul merining hibsga olinishini allaqachon qoralagan.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.