O‘zbekistonda 2025-yil 1-maydan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballari tizimini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. IIV Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.
Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda. Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik, davlat raqam belgilari yoki identifikatsiya raqamlarini noqonuniy tayyorlash, o‘tkazish yoki foydalanish va boshqa qoidabuzarliklar uchun fuqarolarga ma’lum miqdorda ball beriladi.
12 jarima balliga yetganda haydovchi haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi. Ro‘yxat quyidagicha:
125-modda 3-qismi (Tormoz tizimi, rul boshqaruvi yoki tirkash qurilmasi nosoz bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarish) bo‘yicha huquqbuzarga 0,5 ball beriladi;
125-moddaning 5-qismi (Foydalanish taqiqlangan transport vositalarini, shuningdek davlat raqam belgilari o‘zboshimchalik bilan olib qo‘yilgan transport vositalarini boshqarish) - 1 ball;
126-modda (Ko‘zgusimon va (yoki) qoraytirilgan oynali, shuningdek ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish) - 0,5 ball, takroran sodir etilganda - 1 ball;
127-moddaning 1-qismi (Tovush signalini asossiz berish, transport vositalariga ishlab chiqaruvchi nazarda tutmagan tovush va yorug‘lik moslamalarini o‘rnatish, shuningdek ularni qayta jihozlash) - 0,5 ball;
128-3-modda 1-qismi (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan tezlikni soatiga 20 kilometrgacha oshirishi) - 0,5 ball;
128-3-moddaning 2-qismi (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan tezlikni soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrgacha oshirishi) - 1 ball;
128-3-modda 3-qismi (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan tezlikni 40 kilometrdan ortiq, lekin soatiga 60 kilometrgacha oshirishi) - 1,5 ball;
128-3-moddaning 4-qismi (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan tezlikni soatiga 60 kilometrdan ortiq oshirishi) - 2 ball;
128-4-moddaning 2-qismi (Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signali yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmay o‘tishi) - 1 ball;
128-5-modda 1-qismi (Transport vositalari haydovchilarining tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli miltillovchi chiroq va maxsus tovush signali yoqilgan holda yaqinlashayotgan transport vositalarining to‘siqsiz o‘tishiga xalaqit berishi) - 0,5 ball;
128-5-moddaning 2-qismi (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish tomoniga yoki bo‘lagiga chiqib ketishi, shuningdek avariya holatini keltirib chiqargan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilarini tezlik yoki yo‘nalishni keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun boshqa choralar ko‘rishga majbur qilgan huquqbuzarlik sodir etishi) - 2 ball;
128-6-modda (Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi) - 0,3 ball;
128-8-modda 1-qismi (Odamlarni tashish qoidalarini buzish) - 0,5 ball;
128-8-modda 2-qismi (Odamlarni ichki ishlar organlari kuzatuvisiz avtobus va mikroavtobuslarda tashish, agar kuzatib borish majburiy bo‘lsa) - 0,5 ball;
128-9-modda (Transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzish) - 1,5 ball;
129-modda (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakatlanishda ishtiroki) - 2 ball;
130-modda (Transport vositalari haydovchilarining temir yo‘l kesishmalaridan o‘tish qoidalarini buzishi) - 1 ball;
137-moddaning 1-qismi (Yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilarining hodisa sodir bo‘lgan joyni belgilangan qoidalarga xilof ravishda tark etishi) - 2 ball.
Jarima ballari faqat YPX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomalar asosida hisoblanadi va ularning hisobi E-jarimaball avtomatlashtirilgan tizimida yuritiladi. Agar haydovchi bir yil davomida yo‘l harakati qoidalarini bir marta ham buzmagan bo‘lsa, u olgan birinchi jarima balli bekor qilinadi.
Shuningdek, 6 oy davomida yangi qoidabuzarliklar sodir etilmasa, 2 ball hisobdan chiqariladi, agar hisobda 2 balldan kam qolsa, ular to‘liq nolga tenglashtiriladi va hisoblash yangidan boshlanadi. Ushbu loyiha hali ham takliflar va muhokamalar uchun ochiq bo‘lib, manfaatdor shaxslar belgilangan tartibda o‘z fikr-mulohazalarini bildirishlari mumkin.