Rossiya Prezidenti, AQSH rahbari va XXR Raisi Si Szinpin Oʻzbekiston rahbarini Navroʻz bilan tabrikladi

O‘zbekiston

Davlatlar rahbarlari ikki tomonlama va koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirishga sodiqligini taʼkidlashdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSH rahbari Donald Tramp va XXR raisi Si Szinpin Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni Navroʻz bilan qutladi.

Vladimir Putin oʻz maktubida Rossiya-Oʻzbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanayotganini qayd etdi:

Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan o‘zaro manfaatli ikki tomonlama aloqalarni bundan buyon ham do‘st xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida faol rivojlantiramiz, deb ishonaman.

Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, chin qalbimdan mustahkam sog‘lik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning barcha fuqarolariga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Donald Tramp oʻz murojaatida Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida shakllangan yaqin aloqalarni yuksak qadrlashini, Shavkat Mirziyoyevning izchil islohotlar dasturini olqishlashini taʼkidladi:

Savdo aloqalarimizni kengaytirish va zamonamizning eng yirik muammolarini hal etish yo‘lida hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutaman. Buyuk davlatlarimiz ravnaq sari intilayotgan bir paytda, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlashga sodiq bo‘lib qoladi. Navro‘z muborak!

Si Szinpin oʻz tabrigida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi kelishuvlar samarali amalga oshirilayotgani, ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik izchil mustahkamlanib, yuksak natijalar berayotganidan mamnunligini bildirdi.

Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat beraman va yaqin do‘stligimizni yuksak qadrlayman. Siz bilan birgalikda barcha sohalardagi hamkorlikni ilgari surish, Xitoy va O‘zbekistonning yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish ishlarini boyitish uchun harakat qilishga tayyorman.

Fursatdan foydalanib, Sizga, Janobi Oliylari, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, do‘st O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot va farovonlik tilayman.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.