Oʻzbekistonda ota-onalarga 515 mingta ogohlantirish xati yuborilgandan soʻng maktablarga davomat 99 foizgacha oshdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova maʼlum qildi.
Milliy gvardiya maʼlumotlariga koʻra, 2024-yil boshida maktablarga davomat oʻrtacha 70 foizni tashkil etgan boʻlsa, 515 mingga yaqin ogohlantirish xatlaridan soʻng 2024-yil oxiriga kelib davomat 95−99 foizga oshgan. Mamlakatda 10 134 ta maktab mavjud boʻlib, ularda 6,57 millionga yaqin bola taʼlim oladi.
10 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan 245 ming nafar maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov shuni koʻrsatdiki, bolalarning 97 foizi oʻz huquqlaridan xabardor, 65 foizi oʻz huquqlarini yaxshi biladi va 52 foizi bu maʼlumotni maktabda olgan.