Toshkentda shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari qoʻlga olindi. DXX matbuot xizmati holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi.
U oʻz xizmat mavqeini suiisteʼmol qilib, binolarni qurishning eskiz loyihalarini tasdiqlash va yongʻin haqida avtomatik xabar berish qurilmalarini oʻrnatishda ijobiy xulosalar berish, shuningdek, qurilgan va rekonstruksiya qilingan binolarni davlat komissiyasiga foydalanishga topshirish uchun muntazam ravishda pul talab qilishda gumonlanmoqda.
Bunday obyektlar orasida umumiy oʻrta taʼlim maktablari va tibbiyot muassasalari binolari ham bor. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi qamoqqa olingan. Dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.