Prezident energiya resurslari isteʼmoli samaradorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

O‘zbekiston

Davlat rahbari quyosh panelli yoritgichlar oʻrnatish orqali soatiga 20 mln kilovatt-soat energiya sarfini 2 barobarga kamaytirish mumkinligini taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyev energiya resurslari isteʼmoli samaradorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbarining koʻrsatmasiga muvofiq, oʻtgan yilgi tajribaning davomi sifatida joylarda energiyani tejash imkoniyatlari olimlar bilan birgalikda ilmiy asosda oʻrganilmoqda. Xususan, Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida olib borilgan oʻrganishlar natijasida 870 million kilovatt soat elektr va 420 million kub metr gazni iqtisod qilish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar aniqlangan. Misol uchun, birgina ushbu hududlardagi kichik va oʻrta sanoat korxonalarida 35 mingga yaqin eskirgan uskunalarni almashtirish orqali yiliga 385 million kilovatt soat elektr energiyasi va 50 million kub metr gazni iqtisod qilish mumkin.

Tuman va mahallalarda ham energiya tejamkorligi boʻyicha imkoniyatlar koʻp. Misol uchun, umumiy quvvati 100 megavatt boʻlgan 300 ta kichik quyosh stansiyasi barpo etilsa, joriy yilning oʻzida 45 million kub metr gaz tejaladi. Bundan tashqari, kanal va soylarda mingdan ziyod mikro GES qurish hisobiga yana 175 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish mumkin.

Yiliga 200 million kilovatt soat elektr sarflanadigan koʻchalarni yoritish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Fonarlarni quyosh batareyalariga oʻrnatish bu xarajatni ikki baravar kamaytirishi mumkin.

Shu kabi imkoniyatlarni inobatga olib, joriy yilda qoʻshimcha 1,1 milliard kub/metr gaz va 2,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini iqtisod qilish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari zamonaviy energiya tejamkor uskunalar oʻrnatish, birinchi navbatda, yirik sanoat korxonalarida energiya yoʻqotishlarini kamaytirish zarurligini taʼkidladi. Hukumatga bu boradagi ishlarni yangi ijro va nazorat tizimi asosida yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Korxonalarda ham, kundalik hayotda ham energiya tejash madaniyatini shakllantirish muhim. Elektr energiyasi va gazni behuda sarflamaslik, quyosh panellari va boshqa muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish - resurslarni sezilarli darajada tejash imkonini beradi.

Fargʻona vodiysi viloyatlarida aholi zich joylashganini inobatga olib, ularni energiya resurslari bilan taʼminlash boʻyicha alohida yondashuv ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Kelgusida ushbu tajriba bosqichma-bosqich mamlakatimizning boshqa hududlarida ham joriy etilishi koʻzda tutilgan.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.