Prezident xususiylashtirish sohasidagi ustuvor vazifalarni muhokama qildi

O‘zbekiston

Davlat rahbari sohada saqlanib qolayotgan kamchiliklar yechimiga toʻxtalib oʻtdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha 2025-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazdi.

2021-yildan 2024-yilgacha 47 trillion soʻmlik davlat aktivlari sotildi — bu oʻtgan oʻn yillikka nisbatan 30 baravar koʻp. Natijada davlat ulushi mavjud korxonalar soni 2 barobarga, iqtisodiyotda davlat ulushi 13 foizga qisqardi.

2024-yil noyabr oyida ilk bor “xalq IPO”si oʻtkazilib, uning doirasida Tovar-xom ashyo birjasining 3 milliondan ortiq aksiyalari aholiga sotildi. Natijada 11 ming fuqaro aksiyadorga aylandi.

“Lekin hali tizimda kamchiliklar, hududlar va tarmoqlarda foydalanilmayotgan imkoniyatlar koʻp. Boʻsh turgan joylarni iqtisodiy aktivga aylantirish, auksionga qoʻyilgan tayyor binolarni sotishda sustkashliklar bor”, — deyiladi xabarda.

Infratuzilma imkoniyatlari chuqur tahlil qilinmasdan, bir yildan buyon sotilmay kelayotgan 1 ming 500 gektar maydon savdoga qoʻyilgan. Shuningdek, 4 mingta uchastkani kelishish kechikmoqda. 2023-yilda vazirlik va hokimliklar tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga sotilishi lozim boʻlgan 243 ta obyekt oʻtkazilmagan.

Yirik davlat korxonalarida ham ishlar jadal emas. “Avtosanoat”, “Kimyosanoat”, “Metallurgiya kombinati”, “Oʻzbekneftgaz” kabi 22 ta korxona haligacha xalqaro moliyaviy hisobot yuritishga oʻtmagan. “Oʻzbekiston pochtasi”, “Uzbekistan Airports”, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” haligacha kredit reytingi olmagan.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda prezident bu muammolarni hal etish, ishlarni jonlantirish zarurligini taʼkidladi. 2025-yilga moʻljallangan xususiylashtirish sohasidagi maqsadlar belgilandi, xususan:

  • 30 trln soʻmlik davlat mulkini sotish va budjetga kamida 10 trln soʻm tushum;

  • 116 ta korxona va 581 ta koʻchmas mulk obyektidagi davlat ulushlarini sotuvga qoʻyish;

  • 6100 gektar yerni auksionga chiqarish va sotuv hajmini 6 trln soʻmga yetkazish;

  • investorlarga kamida 300 ta kon va uchastkalarni taklif qilish va 500 mlrd soʻm tushumni taʼminlash.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun bir qator imtiyozlar berish rejalashtirilgan. Jumladan, tadbirkorlar kamida besh yil davomida ijaraga olgan obyektlarini keyinchalik sotib olishlari mumkin boʻladi. Hozirgi kunda bunday obyektlar soni 632 tani tashkil etadi. Ularni ijarachilarga sotish orqali 2 trln soʻm tushumni taʼminlash mumkin.

“Oʻzpaxtasanoat”ning sotilmay qolgan 131 ta obyekti boshlangʻich qiymatini 50 foizgacha pasaytirib, 3 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan takroran auksionga chiqariladi.

Hozirda respublikadagi 537 ta bozor va savdo majmualarining kamida 51 foiz ulushi mahalliy hokimliklarga tegishli. Endi bu tartib ham oʻzgaradi. Bozorlarda mahalliy hokimlikning majburiy ishtirok etishi toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi. Bu ham tadbirkorlar uchun qoʻshimcha imkoniyat boʻladi.

Bundan tashqari, kichik, uzoq vaqt sotilmay turgan va yonma-yon joylashgan uchastkalar birlashtirilib, takroran savdoga qoʻyiladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.