Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil haydovchilarining Piskentdagi sinov poligonida navbatlar koʻpayib borayotgani haqidagi shikoyatlari tarqala boshladi. Holat yuzasidan Ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi izoh berdi.
UzTest xabariga koʻra, Piskentdagi laboratoriya kuniga 100−120 ta avtomobil tekshiruvini oʻtkazishi mumkin va bayram kunlari ham 24/7 rejimida ishlaydi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida M1 toifadagi transport vositalarining muvofiqligini baholash uchun roʻyxatga olish davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Navbat OneID identifikatsiya tizimi yoki elektron raqamli imzodan foydalangan holda QR-kod orqali shakllantiriladi.
20-martdan 25-martgacha bir xil IP-manzillardan ommaviy soʻrovlar yuborilishi qayd etildi, bu esa tizimning haddan tashqari yuklanishiga olib keldi. Uzinfocom va boshqa idoralar ishtirokida hozircha test rejimida ishlayotgan elektron yozuv tizimini takomillashtirish va himoya qilish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
UzTest avtomobillarni sinovdan oʻtkazish narxlari oshgani haqida tarqalgan maʼlumotni asossiz deb atadi va rasmiy tariflarni eʼlon qildi:
elektromobillar uchun - 4 479 888 soʻm;
benzinli, dizelli va gibrid yengil avtomobillar uchun - 5 599 888 soʻm.
Noqonuniy yigʻimlar boʻyicha UzTest 1880 qisqa raqamiga murojaat qilishni soʻraydi.