Boysundagi “M-25” konida vodorod sulfid sizib chiqishi sodir boʻldi — video

O‘zbekiston

Atrof-muhitga zarar yetkazmaslik va havoni ifloslantirmaslik uchun quduqqa oʻt qoʻyildi.

27-mart kuni kechqurun “M-25” gaz konida 202-sonli quduqdan vodorod sulfidining boshqariladigan chiqishi sodir boʻldi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, atrof-muhitga zarar yetkazish va havoni ifloslantirishning oldini olish maqsadida quduqqa oʻt qoʻyilgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Voqea joyiga zudlik bilan FVV brigadasi, shuningdek, Energetika vazirligi huzurida tashkil etilgan maxsus shtab va boshqa tashkilotlar vakillari yetib borgan.

Ushbu hodisa aholi va yaqin atrofdagi hududlar uchun xavf tugʻdirmaydi. Jarayon toʻliq Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston ochiq neft va gaz favvoralaridagi avariyalarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha harbiylashtirilgan boʻlinma mutaxassislari nazorati ostida, deyiladi xabarda.

Hozirda ushbu holat va yongʻinning kelib chiqish sabablari oʻrganilmoqda.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.