Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti munosabati bilan 488 nafar mahkumni afv etdi. Farmon tafsilotlarini davlat rahbari matbuot xizmati taqdim etdi.
Afv etilgan shaxslarning 100 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 268 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 86 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 17 nafarini chet davlat fuqarolari, 37 nafarini ayollar, 37 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 167 nafarini 30 yoshgacha boʻlgan shaxslar (shundan 1 nafari voyaga yetmagan), shuningdek, 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnatga jalb etish, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish boʻyicha mutasaddi vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi.