Toshkentda oliygohlar talabalari oʻrtasida CS2 boʻyicha kibersport turniri boʻlib oʻtdi

O‘zbekiston

900 ga yaqin talaba eng yaxshi va 10 million soʻm pul mukofoti uchun kurash olib bordi.

25-28-mart kunlari Toshkentda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida CS2 yoʻnalishi boʻyicha kibersport musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekistonda kibersport yoshlar oʻrtasida eng ommalashgan sport turiga aylandi. Toshkent shahrida ham yoshlarni boʻsh vaqtlarida ommaviy sport oʻyinlariga jalb etish maqsadida turli tadbirlar, intellektual oʻyinlar tashkil etilmoqda.

Turnir Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fan va taʼlimni rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi Ziyo Forum tomonidan talaba-yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va yoshlarni kibersport turlariga keng jalb etish maqsadida tashkil etildi. Musobaqaning sovrin jamgʻarmasi 22,5 mln soʻmni tashkil etdi.

Turnirning saralash bosqichi mamlakatdagi 110 ta davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazildi. Unda jami 900 ga yaqin talaba ishtirok etdi. Turnirga jami 140 ga yaqin universitet qiziqish bildirgan boʻlsa, qolgan jamoalar keyingi mavsumlarda musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.

Jamgʻarma gʻoliblarga pul mukofotlarini topshirdi. Qizgʻin kechgan turnirda CS2 yoʻnalishi boʻyicha TMS universiteti talabalariga teng keladigani topilmadi, ular 10 million soʻm, 2-oʻrinni Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari 7 million soʻm, 3 va 4-oʻrinlarni Inha universiteti va Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari 5 million soʻm bilan qoʻlga kiritdi.

Musobaqaning yakuniy bosqichida ishtirokchilarga qiziqarli koʻngilochar dastur va homiylarning sovgʻalari taqdim etildi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.