Toshkentda Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati va Qozogʻiston Xavfsizlik kengashi apparati oʻrtasida maslahatlashuvlarning yettinchi raundi boʻlib oʻtdi. Tafsilotlar OʻzAda keltirilgan.
Muzokaralarga Oʻzbekiston Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Qozogʻiston Xavfsizlik kengashi kotibi Gizat Nurdauletov raislik qildi, shuningdek, ikki mamlakat ichki ishlar, mudofaa, favqulodda vaziyatlar vazirliklari, xavfsizlik xizmatlari, shuningdek, diniy qoʻmitalar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish, huquq-tartibotni taʼminlash, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Muzokaralar chogʻida ikki mamlakat vakillari harbiy va harbiy-texnik sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga tezkor javob berish muammolariga toʻxtalib oʻtdi.
Delegatsiyalar xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish va idoralararo hamkorlikning ikki tomonlama ishchi mexanizmlarini rivojlantirish rejalarini tasdiqladi. Muzokaralar yakunida ikki mamlakat vakillari xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan bayonnomani imzoladi.