Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan Airwaysʼga Buxgalteriya hisobining milliy standartlaridan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha topshiriq berdi. Bu haqda kompaniya raisi Shuhrat Xudayqulov prezident huzuridagi xususiylashtirish masalalari boʻyicha yigʻilishdan soʻng maʼlum qildi.
Kelajakda bu aviatashuvchiga xarajatlarni kapitalizatsiya qilish, shuningdek, “chiptalar narxini ushlab turish, bozorda moslashuvchan va respublika aholisi uchun qulay boʻlish” imkonini beradi.
Prezident aviachiptalar narxini oshirmaslik va bu jarayonni nazorat qilish boʻyicha oldimizga vazifalar qoʻymoqda, — dedi Shuhrat Xudayqulov.
Uning soʻzlariga koʻra, milliy aviakompaniya oldiga xalqaro bozorda aksiyalarni ommaviy joylashtirish (IPO) boʻyicha “jiddiy vazifa” qoʻyilgan. Bu ish bilan Uzbekistan Airways qoshida tashkil etilgan transformatsiya ofisi shugʻullanmoqda.