“Toshshahartransxizmat” sobiq rahbari va yana 20 nafar sudlanuvchiga hukm oʻqildi

O‘zbekiston

Anvar Joʻrayev 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi, shuningdek, 3 yilga rahbarlik lavozimlarida ishlash taqiqlandi.

Sud “Toshshahartransxizmat” sobiq boshqaruvi raisi va poytaxt transport boshqarmasi boshligʻi Anvar Joʻrayevga nisbatan hukmni oʻqib eshittirdi. Sud tafsilotlari haqida “Gazeta.uzxabar bermoqda.

Transport kompaniyasining sobiq rahbari 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi, shuningdek, 3 yil davomida rahbarlik lavozimlarida ishlash taqiqlandi, Joʻrayevning sobiq oʻrinbosari - Abdujamil Azizov ham xuddi shunday jazoga hukm qilindi.

“Toshavtotaʼmirxizmat” kompaniyasining sobiq rahbari Husan Mahkamov va uning oʻrinbosari Ahmad Alimovga 5,5 yil berildi. Sakkizinchi avtobus saroyining sobiq boshligʻi Bekzod Ibragimov 2 yil 3 oy, sakkizinchi avtobus saroyining bosh muhandisi Shuhrat Ahmedov 2 yil 7 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

Ishning qolgan ishtirokchilari quyidagi jazoga tortildi:

  • birinchi avtobus saroyi boshligʻi oʻrinbosari Shoaziz Ashirov — 119 mln soʻm miqdorida jarima;

  • sakkizinchi avtobus saroyi boshligʻi oʻrinbosari Ismoil Baratov — 105,8 million soʻm jarima.

  • birinchi avtobus saroyining sobiq boshligʻi Dilshod Toshpoʻlatov — jazodan ozod qilindi, biroq uch yil muddatga ishdan chetlashtirildi.

Sud avtobus saroylari xodimlari, mexaniklar va buxgalterlarni aybdor deb topib, ularga 9,5 million soʻmdan 25 million soʻmgacha jarima, ozodlikni cheklash va ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinladi.

“Toshshahartransxizmat” rahbarlari ehtiyot qismlar va budjet mablagʻlarini talon-toroj qilishni tashkil etish, sotib olishda pora olish va hujjatlarni soxtalashtirishda aybdor deb topildi. Ayblanuvchilar davlatga yetkazilgan 3,2 mlrd soʻm zararni qoplash majburiyatini olgan. Xususan, Anvar Joʻrayev, Abdujamil Azizov va ularning sheriklari 2,1 mlrd soʻm toʻlashga majbur boʻlgan. Ayblanuvchilarning advokatlari apellyatsiya shikoyatlarini berishdi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.