Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Xoʻjand shahrida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbarlari bir-birlarini muborak Ramazon hayiti hamda bahor uygʻonishi va yangilanish ayyomi - Navroʻz bilan qutladilar, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Prezidentimiz Tojikiston va Qirgʻiziston tomonlarini barcha masalalar uzil-kesil hal etilgani hamda Davlat chegarasini delimitatsiya qilish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangani bilan samimiy tabrikladi.
Ushbu hujjat, shuningdek, uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisida imzolanayotgan shartnoma barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashga, butun mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Tantanali ravishda ochilgan Doʻstlik stelasi esa qardosh mamlakatlar oʻrtasida mustahkamlanib borayotgan yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarining yangi ramziga aylanishi qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Eng avvalo, bu oliy darajadagi faol va ishonchli aloqalarni davom ettirishdir.
Shu hafta Samarqandda “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va mintaqadagi umumiy ekologik tahdidlarga bagʻishlangan Iqlim forumi boʻlib oʻtadi.
May oyida Koʻrfaz arab davlatlari bilan sammit, sentyabr oyida esa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oʻtkaziladi.
Shu munosabat bilan, boʻlajak tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun tashqi ishlar vazirliklari orqali muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Chegaradosh hududlarning hamkorligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Qirgʻiziston va Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi oʻn karradan ziyodga oshgani qayd etildi. Bu hajmning deyarli yarmi chegaraoldi hududlarga toʻgʻri keladi.
Shu bois chegaralardagi bojxona punktlarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, qulay, zamonaviy savdo va logistika infratuzilmasini shakllantirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Uch tomonlama savdo maydonchasini tashkil etish, sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining doimiy faoliyat koʻrsatadigan koʻrgazma-yarmarkasini yoʻlga qoʻyish masalasini oʻrganish taklif etildi.
Yana bir yoʻnalish - sanoat kooperatsiyasi loyihalari.
Bugungi kunda Oʻzbekiston korxonalari va xususiy kompaniyalari qoʻshni mamlakatlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga faol sarmoya kiritmoqda.
Kooperatsiyani qoʻllab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz rahbari qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari kapitalini bosqichma-bosqich oshirishga tayyorligini bildirdi.
Mamlakatlar oʻrtasida transport aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Bu aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish va geografiyasini kengaytirish, chegaraoldi hududlardagi shaharlar oʻrtasida yangi avtobus yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyishni oʻz ichiga oladi.
“Yashil” energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalar, suv va ekologiya dasturlarini ilgari surish diqqat markazida boʻldi.
Oʻzbekiston Prezidenti hukumatlar iqtisodiy yoʻnalishda yanada faol ishlab, xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan tezkor, real natijalar berishi lozimligini alohida taʼkidladi.
Shu kunlarda Xoʻjand shahrida qator madaniy-gumanitar tadbirlar oʻtkazilayotgani xalqlarimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Davlatimiz rahbari har yili Navroʻz bayrami kunlarida chegaraoldi hududlarda qoʻshma konsert va doʻstlik festivallarini oʻtkazishni taklif etib, kelgusi yilda bunday tadbirlarni Fargʻona shahrida tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi tarixiy shartnoma imzolandi hamda uch davlat rahbarlarining Qoʻshma deklaratsiyasi qabul qilindi.