BAAda ravvin Zvi Koganni oʻldirgan uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi oʻlim jazosiga hukm qilindi

Dunyo

Hukm Abu-Dabi federal apellyatsiya sudining Davlat xavfsizligi palatasidagi yigʻilishdan soʻng eʼlon qilindi.

BAAda ravvin Zvi Koganni oʻldirgan uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi oʻlim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, “Gazeta.uzxabar berdi.

BAA Ichki ishlar vazirligi avvalroq ayblanuvchilarning ismlarini eʼlon qilgan edi: Olimboy Tohirovich (29 yosh), Mahmudjon Abdurahim (29 yosh) va Azizbek Komilovich (34 yosh).

BAA davlat axborot agentligining xabar berishicha, BAA bosh prokurori doktor Hamad Saif Al-Shamsi yanvar oyida davlat xavfsizligi ishlari boʻyicha prokuratura tergovni yakunlagach, ishni sudga oshirishni buyurgan.

Tergov jarayonida ayblanuvchilar jabrlanuvchining harakatini kuzatgani va qotillik sodir etgani aniqlangan. Dalillar sifatida prokuratura sudga qotillik va oʻgʻirlash faktlari boʻyicha ayblanuvchilarning iqrorlik koʻrsatmalari, sud-tibbiyot xulosalari, murdani yorish natijalari, jinoyat qurollari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, guvohlarning koʻrsatmalarini taqdim etdi.

Hukm Abu-Dabi federal apellyatsiya sudining Davlat xavfsizligi palatasidagi yigʻilishdan soʻng eʼlon qilindi. Shuningdek, qotillikka aloqadorlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan toʻrtinchi ayblanuvchi ham ishda ishtirok etgan.

BAA qonunchiligiga koʻra, chiqarilgan oʻlim jazolari ustidan Federal Oliy sudga apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin. Bosh prokurorning taʼkidlashicha, chiqarilgan hukm “adolatli sudlovning barcha kafolatlariga rioya qilgan holda, odil sudlov va qonun ustuvorligining eng yuqori standartlariga muvofiq terrorizmga qarshi kurashda BAAning qatʼiy sodiqligini” aks ettiradi.

U, shuningdek, BAA sud tizimi milliy xavfsizlik va barqarorlikka putur yetkazishga qaratilgan har qanday urinishlarga qatʼiy qarshi turishini taʼkidladi. Bundan tashqari, bosh prokurorning qoʻshimcha qilishicha, BAA “dini va millatidan qatʼi nazar, qonunlar barcha aholini himoya qiladigan, ularning xavfsizligi va huquqlarini taʼminlaydigan birgalikda yashash va bagʻrikenglikning global modeli” boʻlib qolmoqda.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.