Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Xalqaro aloqalar boʻlimi mudiri Lyu Szyanchao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Xitoy Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston-Xitoy doʻstlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi barqaror oshib bormoqda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yetakchi kompaniyalar ishtirokidagi qoʻshma loyiha va korxonalar soni koʻpaymoqda.
Xitoy—Qirgʻiziston—Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish loyihasi boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv yuqori baholandi. Joriy yilda navbatdagi Hududlar forumi va Taʼlim forumi boʻlib oʻtadi.
Parlamentlararo va partiyalararo hamkorlikni, ayniqsa, kambagʻallikni qisqartirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, raqamlashtirish va sanoatlashtirishni jadallashtirish kabi sohalarda yanada kengaytirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oliy va professional taʼlim sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, mamlakatimizda Xitoyning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallarini ochish muhimligi qayd etildi.