Temu marketpleysi blokirovkadan chiqish uchun yana 46 milliard soʻm soliq toʻlashi lozim. Bu haqda Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, butun dunyoda elektron savdo platformalarini soliqqa tortish jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
“Biz Oʻzbekistondagi onlayn savdo tizimini soliqqa tortish nuqtai nazaridan toʻliq tahlil qildik. Elektron tijorat bilan shugʻullanuvchi koʻplab tashkilotlar tomonidan soliqlarni toʻlamaslik holatlari aniqlandi”, — dedi u.
Shu paytgacha Rossiyaning Wildberriyes marketpleysi ham soliq toʻlamagan edi. Soliq qonunchiligiga rioya qilish zarurligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish xatidan soʻng Wildberriyes 52 milliard soʻm soliq toʻladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Temu taxminan 46 milliard soʻm soliq toʻlamagan. Koʻrsatilgan miqdor Soliq qoʻmitasi tomonidan hali tekshirilmagan. Marketpleysga toʻlanmagan soliqlar boʻyicha tegishli talabnoma yuborilgan.
“Temu soliqlarni toʻlasa, biz uning faoliyatini qonuniylashtirish imkoniyatini yaratamiz”, — deb taʼkidladi Mubin Mirzayev.
Kompaniya soliqlarni toʻlaganidan soʻng, Soliq qoʻmitasi Xitoy marketpleysida qarzdorlik yoʻqligi haqida xulosa beradi.