Samarqandda xalqaro tadbirlar tufayli shaharga kirish yopiladi va talabalar taʼtilga chiqariladi

O‘zbekiston

Haydovchilar uchun maxsus xarita tuzilgan, talabalar yozgi taʼtil hisobidan dam oladi.

3-5-aprel kunlari Samarqandda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi birinchi sammit munosabati bilan shaharga kirish yoʻllari yopiladi. Jamoat xavfsizligi departamenti matbuot xizmati yoʻl xaritasini taqdim etdi.

Tranzit transport vositalari uchun aylanma yoʻnalishlar tashkil etiladi. Haydovchilarga QR-kodli flayerlar tarqatiladi, ular orqali mobil ilovadan kerakli joyga qanday borishni bilib olish mumkin.

IIV haydovchilarni “belgilangan talab va qoidalarga qatʼiy rioya qilishga” chaqirdi. Koʻrsatilgan kunlarda Samarqandga tashrif buyurishni rejalashtirgan oʻzbekistonliklar va mamlakat mehmonlaridan imkon qadar safarni boshqa vaqtga qoldirish soʻraldi.

Shu bilan birga, 1-apreldan 5-aprelgacha Samarqanddagi oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun qisqa muddatli taʼtil beriladi. Quyidagi muassasalar taʼtilga chiqadi:

  • Samarqand davlat universiteti;

  • Samarqand davlat chet tillar instituti;

  • Samarqand iqtisodiyot va servis instituti;

  • “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti;

  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali;

  • Samarqand davlat tibbiyot universiteti;

  • Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti;

  • Samarqand davlat tibbiyot universitetining akademik litseyi;

  • Samarqand davlat universiteti akademik litseyi;

  • Abu Ali ibn Sino nomidagi Siyob jamoat salomatligi texnikumi.

Mazkur taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni 7-apreldan boshlanadi. Qoldirilgan darslar yozgi taʼtilning dastlabki kunlari hisobiga oʻtkaziladi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.