Belgiya Gulnora Karimova ishi boʻyicha musodara qilingan 108 mln dollarni Oʻzbekistonga topshiradi. Bu haqda Mulkni xatlash va musodara qilish markaziy organi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Avvalroq Bryussel prokuraturasi Oʻzbekiston adliya organlaridan telekommunikatsiya sohasida shartnomalar tuzishda korrupsiya va pul yuvish holatlari boʻyicha tergov doirasida xalqaro huquqiy yordam soʻrab soʻrov olgan edi.
BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga asoslangan ushbu xalqaro topshiriq doirasida Oʻzbekiston rasmiylarining iltimosiga binoan Belgiyada 200 mln dollarlik aktivlar xatlangan.
Keyinchalik ushbu summa hisoblangan foizlar bilan birga sud qarori bilan uzil-kesil musodara qilingan. Sud musodara qilingan aktivlar Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar oʻrtasida amal qiladigan huquqiy mexanizmga oʻxshash tarzda ikki davlat oʻrtasida taqsimlanishi kerak, deb qaror qildi. Unga koʻra, 108 mln dollar Oʻzbekistonga oʻtkazib beriladi.