Oʻzbekistonda biznesni qonuniylashtirish sharti bilan isteʼmolchilarga toʻlanadigan soliq keshbeklari miqdori ikki baravar oshirilishi mumkin. Spot nashri Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayevning soʻzlarini keltirmoqda.

Qoʻmita naqd pulsiz toʻlov shaklini maksimal darajada ragʻbatlantirmoqchi, xususan, budjetga tushadigan soliqlarning uchdan bir qismi idoraning elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlanadi. Ushbu ulushni 60−70 foizga oshirish rejalashtirilgan.

“Agar biz buni uddalay olsak, soliq toʻlovchilardan qoʻshimcha maʼlumot soʻrashimizga hojat qolmaydi, ular ham, oʻz navbatida, bizga nisbatan kamroq eʼtiroz bildiradi”, — dedi Mirziyoyev.

Toʻlovlarning aksariyati Soliq qoʻmitasining elektron xizmatlari orqali amalga oshirilgan taqdirda soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash ehtimoli kamayadi. Soliq qoʻmitasi 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalariga (naqd pulsiz hisob-kitoblarning aylanmadagi ulushiga qarab 20 foizdan 40 foizgacha), shuningdek, mehmonxonalar va turoperatorlarga QQSning bir qismini qaytarish boʻyicha joriy etilgan tartib natijalarini tahlil qilmoqda.

Maqsad — umumiy ovqatlanish sohasini qonuniylashtirish va uning qonuniy faoliyat yuritishini taʼminlash. Agar bu oʻz samarasini bersa, boshqa sohalar uchun keshbek miqdori hozirgi 1 foizdan 2 foizgacha oshirilishi mumkin. Soliq qoʻmitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda hozirda biznesni qonuniylashtirish uchun keshbek miqdorini oshirishning potensial taʼsiri boʻyicha tahlil oʻtkazmoqda. Agar qonuniylashtirish imkoniyati boʻlsa, idora soliq keshbekini oshirish masalasini oʻrganib chiqishga va hukumatga taklif kiritishga tayyor.