Aksilkorrupsiya eng korrupsiyalashgan davlat organlari reytingini taqdim etdi

PRO Pul

103 ta tashkilotdan faqat 41 tasida “yaxshi” koʻrsatkichlar mavjud edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarida 103 ta davlat organi reytingini koʻrsatdi.

Antikor maʼlumotlariga koʻra, faqat 41 ta tashkilotning koʻrsatkichlari “yaxshi,” 53 ta idoraning ishi oʻrtacha darajada, 9 ta idoraning ahvoli achinarli.

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha eng yomon ishlayotgan davlat organlari:

  • “Oʻzagrolizing” AJ — 53 ball;

  • Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazi — 53 ball;

  • “Oʻzbekkoʻmir” AJ — 48 ball;

  • “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” DM — 48 ball;

  • X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi — 38 ball;

  • “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM — 28 ball;

  • Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi — 26 ball;

  • Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi — 17 ball;

  • Agrosanoatni rivojlantirish agentligi — 9 ball.

Koʻrsatib oʻtilgan organlar korrupsiyaning oldini olish mexanizmlarini joriy etish, shu jumladan korrupsiyaga qarshi tartib-taomillar samaradorligini monitoring va nazorat qilish, xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirish, aniqlangan va baholangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish choralarini koʻrish, ichki nazorat organlari faoliyatini samarali tashkil etish kabi muhim vazifalarning bajarilishi toʻgʻrisida axborot taqdim etmagan.

“Qoniqarsiz” deb topilgan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning bu boradagi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, uning ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishlarida eshitib boriladi.

2024-yilda oʻrtacha natija 73,8 ballni tashkil etdi, bu 2023-yilga nisbatan 4,9 ballga yaxshidir. Davlat tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha samarali mexanizmlar joriy etilgani ijobiy samara berib, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni kamayishiga olib keldi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.