Oʻzbekiston AQSH kompaniyalari bilan foydali qazilmalarni qazib olish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar imzoladi.
Vazir Laziz Qudratov boshchiligidagi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi AQSHda boʻlib, yirik kompaniyalar, korporatsiyalar va tarmoq birlashmalari rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazmoqda.
Tashrif dasturiga muvofiq, foydali qazilmalarni qazib olish, mehmonxona biznesi va oziq-ovqat sanoati korxonalari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Ularning yakunlari boʻyicha muhim minerallar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar imzolandi, foydali qazilmalarni qidirish va qazib olishga sarmoya kiritish, maʼdanlarni nozik maydalash majmualarini (HPGR) qurish, innovatsion texnologiyalarni jalb qilish va muhim xomashyoning qoʻshimcha qiymatini yaratish, oʻzbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, turizm sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish - mehmonxonalar qurish muddatlari kelishib olindi. Erishilgan kelishuvlar bitimlar bilan mustahkamlandi.