Bloger barcha rus tilini boykot qilishga chaqirib, #uzbekchagapir chellenjini ishga tushirganidan soʻng oʻzbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbek tilida muloqot qilish masalasini faol muhokama qilmoqda. Adliya vazirligi vaziyatga aralashib, bunday chaqiriqlarga qonunchilik nuqtayi nazaridan oydinlik kiritdi.
Mamlakatda bugungi kunda oʻzbek tilining davlat tili sifatida qoʻllanilishini tartibga soluvchi asosiy hujjat “Davlat tili haqida”gi Qonun hisoblanadi. Unga muvofiq qonun hujjatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon qilinadi. Ushbu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham nashr etiladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruratga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi taʼminlanadi.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-statistik va moliyaviy hujjatlar davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarning koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda esa davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham ish yuritilishi mumkin.
“Reklama toʻgʻrisida”gi va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarga muvofiq reklama va tovar (ish, xizmat) toʻgʻrisidagi axborot davlat tilida tarqatiladi. Bunda reklamaning mazmunini takrorlashga va axborotni boshqa tillarda berishga yoʻl qoʻyiladi.
“Shu bilan birga, fuqarolar oʻzaro muloqot jarayonida foydalanadigan til boʻyicha qonunchilikda qatʼiy va majburiy talablar koʻrsatilmagan. Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik va tolerantlikni taʼminlash, har bir millat va elatning oʻziga xosligini hurmat qilish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Bunda, barcha fuqarolarga oʻz ona tilida gapirish, taʼlim olish va madaniy boyliklarni rivojlantirishda teng huquqlilik taʼminlanadi”, — deyiladi xabarda.
“Davlat tili haqida”gi qonunga koʻra, oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning oʻz ona tilini qoʻllashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi. Konstitutsiyaga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.
Oʻzbekiston fuqarolarining tildan foydalanish huquqlarini kamsitish, shu asosda nizo qoʻzgʻatish javobgarlikka sabab boʻlishi ham eslatib oʻtildi.