Qashqadaryoda tarbiyachi bola ustidan qaynoq suv quyib yubordi. SSB voqea tafsilotlarini maʼlum qildi.
Voqea fevral oyida Gʻuzor tumanidagi 4-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti katta guruhi tarbiyalanuvchisi bilan sodir boʻlgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, bunga ikki tarbiyachining beparvoligi sabab boʻlgan.
Maʼlum boʻlishicha, bola tushlikka sayrdan qaytayotganida qoʻlida qaynoq suv solingan idish ushlab turgan tarbiyachiga duch kelgan. Issiq suv bolaning yuziga tegdi.
Bogʻcha hamshirasi zudlik bilan birinchi tibbiy yordam koʻrsatgan, shundan soʻng bola shifoxonaga yetkazilgan. Muassasa maʼmuriyati jabrlangan bolaning tezroq sogʻayib ketishi uchun uning oilasiga moddiy yordam koʻrsatgan. Mazkur holat yuzasidan xizmat va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.