O‘zbekistonda avtomobil boshqaruvini bolalarga topshirish uchun javobgarlikni kuchaytirmoqchi. Bu haqda prezident ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, hozirda 7-11-sinf o‘quvchilari kuniga sakkiz soatgacha ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirishini ta’kidladi. Davlat rahbari maktab direktorlari, o‘qituvchilar va ota-onalarni bu haqda o‘ylab ko‘rishga chaqirdi.
Hududlarda, ayniqsa, Namanganda maktab o‘quvchilariga avtomobillarni ijaraga berish amaliyoti ommalashmoqda. Bu esa har oyda 10-15 nafar o‘smirning jiddiy jarohat olishiga sabab bo‘lmoqda. O‘lim bilan tugagan holatlar ham bor. Ichki ishlar organlari boshliqlari, viloyat va tuman prokurorlari qonun ustuvorligini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda.
Shu bois avtomobil boshqaruvini bolalarga berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlash vazifasi qo‘yildi.