17-iyun kuni Samarqand viloyatida sodir bo‘lgan YTH oqibatida Urgut tuman sudi raisi vafot etdi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashida ma’lum qilindi.

Organ ma’lumotlariga ko‘ra, fojia Urgut tumani Bog‘ishamol mahallasidan o‘tuvchi 4R-47 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Marhum o‘tirgan Nexia-3 avtomobili “Kamaz” yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Erkak olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Aybdorga yetti yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda.