O‘zbekistonda avtomobillarni Tojikistonga sotish uchun kontrabanda yo‘li bilan olib chiqqan bir guruh shaxslar fosh etildi. Bu haqda DBQ matbuot xizmati xabar bermoqda.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yengil avtomobillarni Tojikistonga sotish uchun olib chiqish bilan shug‘ullangan 8 kishini qo‘lga oldi. Ular turli rusumdagi 59 ta avtomobilni olib o‘tishdi.
Barcha transport vositalari qo‘shni davlat hududida noqonuniy ravishda sotilgan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlanib, tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish materiallari tergov organlariga topshirildi.
Fuqarolardan shaxsiy avtomobillarini ishonchnoma asosida boshqa shaxslarga berishda hushyor bo‘lish so‘raldi.
“Agar ishonchnoma bilan berilgan avtomobilni qaytarishda qiyinchiliklarga duch kelsangiz yoki transport vositasi O‘zbekistondan tashqariga olib chiqib ketilganiga shubha qilsangiz, zudlik bilan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.