O‘zbekistonda chiqindilarni olib chiqib ketish uchun fuqarolardan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ noqonuniy undirilgani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar bermoqda.

Yil boshidan buyon mas’ul idoralarga chiqindi tashish xizmati yuzasidan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Farg‘ona viloyatining Quva tumanidan kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, aholi xonadonlaridan chiqindilar olib chiqib ketilmayotgani, to‘lovlar aholi soniga qarab belgilanmagani, xizmatlar belgilangan muddatlarda ko‘rsatilmayotgani aniqlandi.

Shu bilan birga, Tozalik Sanitar Servis kompaniyasi yangi tariflarni aholiga o‘z vaqtida e’lon qilmasdan qo‘llagan. Yuqori tarif qo‘llanilishi natijasida 2024-2025 yillar davomida Quva tuman filiali tomonidan 264 mln so‘mdan ortiq, Farg‘ona shahar filiali tomonidan 17 mln so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.

Bundan tashqari, “Baynalminal”, “Jaloyir”, “Iftixor”, “Katta Qashqar”, “Mustaqillik”, “Namuna” va “So‘fi” mahallalari aholisiga 1,7 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ortiqcha hisoblangan.

Shunday qilib, Farg‘ona viloyatida bugungi kunga qadar chiqindi tashish xizmatlari uchun aholidan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan. Qo‘mita tomonidan asossiz undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.