UzTest davlat agentligi Piskentdagi avtopoligonda transport vositasini sertifikatlashda qoidabuzarliklar sodir etilganini tasdiqladi. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.
Tekshiruv 28-iyun kuni sinovdan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilga 20-may kuni sertifikat berilgani haqida ma’lumot paydo bo‘lganidan keyin o‘tkazildi. Xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, UzTest transport vositasini sertifikatlashtirishda haqiqatan ham belgilangan elektron tartib buzilganini aniqladi. Poligonning ikki nafar xodimi elektron navbatdan tashqari sinov o‘tkazib, arizachilarni test namunalari bilan o‘z vaqtida va to‘liq ta’minlamagan.
Qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga intizomiy jazo berildi. Korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida Tris.uz milliy axborot tizimi takomillashtirildi.
Endilikda YIDXP orqali olingan elektron navbat Tris.uz tizimiga integratsiya qilindi, bu esa navbatdan tashqari o‘tish imkoniyatini istisno qiladi.