Farg‘ona viloyati IIB YHXB boshlig‘i podpolkovnik Akmal Ahmedov turmush o‘rtog‘i sodir etgan qoidabuzarliklarni yashirgani uchun O‘zbekiston ichki ishlar vaziri buyrug‘i bilan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev xabar bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Akmal Ahmedovning rafiqasi davlat raqami 40081SBA bo‘lgan Malibu avtomobilida yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun 106 ta jarima bekor qilingani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.

Viloyat IIB YHXB ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i J.I.Umaraliyev tomonidan imzolangan qarorlardan birida 2023 yil kuzida “o‘ta zarurat” tufayli tezlikni oshirganlik uchun 5 ta jarimani bekor qilish topshirilgan.

Viloyat IIB matbuot xizmati dastlab xizmat tekshiruvi yakuniga ko‘ra, 5 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilganini ma’lum qildi. Keyinroq IIB jamoatchilik va OAV bosimi ostida jazolanganlar orasida Akmal Ahmedov ham borligini tan oldi. Qolgan ismlar u yerda tilga olinmadi.

“Ichki ishlar organlaridagi har bir lavozim, ayniqsa, rahbarlik lavozimi xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish, xizmat mavqeini suiiste’mol qilmaslik, shaxsiy tarkibga o‘rnak bo‘lish talablari bilan beriladi. Bu talablarga javob bermaydiganlarga bu tizimda o‘rin yo‘q. Afsuski, ulardan biri Farg‘ona viloyati YHXB boshlig‘i podpolkovnik Akmal Ahmedov bo‘lib chiqdi”, — dedi Zoyir Yo‘ldoshev.

YHXX Malibu haydovchisiga qo‘llanilgan barcha jarimalar davlat foydasiga undirilganini ma’lum qildi. Hozirda viloyat YHXB boshlig‘ining xatti-harakatlariga to‘liq huquqiy baho berish maqsadida qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.